Bizning manzil

100044 Toshkent sh., Qumariq koʻchasi, 3-uy

Toshkent ko'chalarini yoritish tarixi

Toshkent ko’chalarini yoritish tarixi

1917-yilning oktyabriga qadar shahar ma’muriyati Toshkentni obodonlashtirish masalasi bilan shug‘ullangan. Ko‘chalarni yoritish uchun shahar ma’muriyatining texnik bo‘limi  mas’ul bo‘lib, uning tarkibida maxsus lavozim – yorug‘lik boshlig‘i mavjud edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish ishlarini bajarish shahar ma’muriyatidan ko‘chalarni ijaraga olgan pudratchilar tomonidan amalga oshirilgan. Ular ko‘chalardagi mavjud chiroqlarning ishlashini ta’minlab, yangilarini o‘rnatish ishlarini bajarganlar.

1895-yilda Toshkentda ko’cha chiroqlarini yoritish savdolar orqali shaharning faxriy fuqarosiga, birinchi gildiya savdogari Saidkarim Saidazimboyevga topshirildi, bunda u shahar ma’muriyatidan  1060 ta chiroq oldi. Ushbu pudratchi shahar ko’chalarini yoritishni 15 yil davomida ijarada ushlab turdi. Toshkent bu davrda kerosinli chiroqlar bilan yoritilgan. Har kuni ularni maxsus tayinlangan odamlar tomonidan qo’l bilan yoqilib, o’chirilgan edi.

1897-yilda Toshkent ko’chalarida 1426 ta chiroq yonardi. Har bir chiroq 8 ta shamning yorug’lik kuchini berardi.

Shaharning yangi va eski qismi bir xil yoritilmagan edi. 1905-yilda Toshkent ko’chalarida yonib turgan 1897 ta kerosinli chiroqlaridan shaharning yangi qismida 1345 ta chiroq yongan, eski qismida esa faqat 552 ta chiroq yongan. Lekin ularning yorug’ligi past edi.

Shu sababli, 1906-yilda yanada samaraliroq bo‘lgan kerosin bilan yonadigan chiroqlar ishga tushirildi. Bunday chiroqning yorug‘lik kuchi endi 700 shamga teng edi. 1907-yilning 1-yanvar holatiga shaharning yangi qismida 208ta kerosinli-qizdiriladigan chiroqlar o‘rnatildi. 1917-yilning noyabrida shahar ko‘chalarida 632 ta kerosinli-qizdiriladigan va 930 ta kerosinli chiroqlar yonib turardi va ulardan 1926-yilgacha foydalanilgan. 

1918-yilning dekabrida shahar ma’muriyati Toshkent shahar ijroiya komitetining kommunal xizmatlar bo‘limiga aylantirildi. Bu vaqtda ko‘chalarni yoritish shaharni obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Toshkent shahar eskishahar va yangishahar Ijroiya komitetlarining –kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tarkibida tashkil etilgan bo‘linmlariga topshirilgan edi.

Texnik imkoniyatlarning yo‘qligi tufayli shaharning elektr yoritishga o‘tish masalasi hatto ko‘tarilmadi. Shaharda mavjud bo‘lgan Toshgestram tasarrufidagi 3 ta elektr stansiyasi faqat sanoat korxonalari, muassasalar, kasalxonalarni yoritish va tramvay ishlashi uchun elektr energiyasi berishi mumkin edi. Toshkentni yoritish muammosini faqat elektr energiyasi tubdan hal qilishi mumkin edi.

1924-yilda Bo‘zsuv daryosida O‘zbekistondagi birinchi gidroelektro- stansiyaning qurilishi boshlandi, uning birinchi bosqichi 1926-yil 1-mayda ishga tushirildi. Shu vaqtdan oshlab Toshkentda yorug‘lik xo‘jaligining jadal rivojlanishida yangi sahifa ochilmoqda edi. Shahar ko‘chalarini faol ravishda elektrlashtirish boshlandi. Elektr uzatishni Toshgestram tresti amalga oshirar edi. Balandligi 7-9 metr bo‘lgan yog‘och ustunlarga cho‘glanma lampochkalar o‘rnatildi. Bir chiroq uchun yoritish maydonining normasi 50 kvadrat metrni tashkil etdi.     Chiroqlar ustunlardan birida o‘rnatilgan 10 ta lampochka uchun 1 kalit hisobida o‘chirgich yordami qo‘lda yoqib-o‘chirilgan.

1927-yilda Toshkentning eski shahar qismida 76 ta, yangi shahar qismida 137 ta elektr ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi. 1929-yilda shaharni yoritish muammolari shahar yoritish bo‘limiga topshirildi va u kommunal xo‘jaligi bo‘limi tarkibida “shaharyoritish” seksiyasi yoki shahar ijroiya qo‘mitasi obodonlashtirish boshqarmasining “shaharyoritish” bo‘limi sifatida 1949-yilgacha faoliyat yuritib keldi.

1940-yilda Toshkent ko‘chalarining umumiy uzunligi 1200 km ni tashkil etgan bo‘lsa, shundan faqat 148 km yoritildi, bu  12 foizni tashkil etar edi. Shunday qilib, 15 yil – 1926-yildan 1940-yilgacha shaharning yoritilishi faqat 6 foizga oshdi. 148 km ko‘chaga 3445 yoritish nuqtasi to‘g‘ri kelgan. Urush yillarida shaharning ko‘cha yoritilishida hech qanday o‘zgarishlar yuz bermadi. Yangi qurilish va hatto mavjud tarmoqlarni ta’mirlash bo’yicha deyarli hech qanday ish olib borilmadi. 1941-1945-yillarda urush sharoitlari sababli, mavjud yoritish nuqtalarining atigi          7 foizi ishlagan.

Urushdan keyingi yillarda ko‘cha yoritgichlarini yangilash va kengaytirish ishlari jadal sur’atlarda rivojlandi.  Vazifalar bir xil edi: shahar ko‘chalarini to‘liq yoritilishiga erishish. 1947-yil oxirida shaharning 170 km ko‘chalarida 4277 dona yoritish nuqtalari yonar edi, Toshkent shahrining 1916 ta ko‘chasidan 360 ta ko‘chasi yoritilar edi.  

Ko‘chalarni yoritishni ta’minlash usuli hali eskicha edi: 16 ta hududga xizmat ko‘rsatuvchi 20 nafar chiroqchilar tomonidan  har kuni ertalab va kechqurun ko‘chalarda yurib maxsus ilgakli yog‘ochlar yordamida chiroqlar yoqib o‘chirilgan. 40-yillarning oxiriga kelib ko‘cha yoritgichlarini yoqib-o‘chiruvchi moslamalar ustunlardan olinib  magnitli yoqgichlar o‘rnatilgan maxsus metall qutilar — oraliq kommutasiya punktlariga ko‘chirildi.  

Toshkent shahar ijroiy qo‘mitasining 1949-yil 28-sentabrdagi 786-sonli qaroriga asosan shahar yoritish bo‘limi Toshkent shahar ijroiy qo‘mitasining Obodonalashrish boshqarmasiga bo‘ysunish bilan «Shahar yoritish» mustaqil shahar idorasiga aylantirildi.  Obodonalashrish boshqarmasining 1949-yil 1-oktabrdagi III–sonli buyrug‘iga asosan idora 1949-yil 10-oktabrda o‘z faoliyatini boshladi.

50-yillar idora uchun juda og‘ir va qiyin edi. Shu bilan birga, ko‘p mehnat talab etadigan vazifalarni hal qilish: yoritish tarmog‘ini kengaytirish, uni  tasarruf etish va rivojlantirish  kerak edi.

1950-yilda Alisher Navoiy va Xadicha Sulaymonova (hozirgi Zarafshon) ko‘chalarida, Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatri oldidagi maydonda yoritish tarmog‘ining birinchi kabel liniyasini qurish ishlari tugallandi.  Shu vaqtning o‘zida dastlabki metall yoritish ustunlari o‘rnatilib, ular badiiy cho‘yan quymalari bilan bezatilgan edi. Bu shahar yoritish xo‘jaligini rivojlantirish va nafaqat shahar ko‘chalarini yoritibgina qolmasdan, ularni bezatishda dastlabki qadamlar edi.

1959-yilda ko‘cha yoritish tarmoglarini markazlashtirilgan elektron boshqarishning birinchi navbati ishga tushirildi. Bu Toshkent shahrini yoritishning rivojlanishidagi muhim voqea bo‘ldi: shahar ko‘chalarida barcha yoritish nuqtalarini bir vaqtning o‘zida avtomatik ravishda o‘chirib yoqish imkoniyatini yaratdi. 1960-yillarda elektr tarmoq xo‘jaligining tuzilishi  o‘zgarib bordi. Shiddat bilan o‘sib borayotgan shahar yoritish tarmog‘ining yanada jadal rivojlanishi va samarali ishlashi uchun shaharning ma’muriy bo‘linishi negizida elektr tarmoqlari bo‘linmalari yaratildi va  yangi lyuminestsent yoritgichlaridan foydalanila boshlandi. Biroq,  bu yoritgichlar chidamli emasligi va ishlatish noqulayligi  tufayli keng tarqalmadi.  

Lyuminestsent lampalar ma’nan jihatdan juda tez  eskirdi. 60-yillarning o‘rtalaridan boshlab ularni simob lampalar (DRL) bilan almashtirila boshlandi, ular yanada kuchli yorug’lik oqimini berar va ko‘chalarning qatnov qismini yoritishning me’yoriy darajasini ta’minlar edi.

Chiroqlarning “Vashington” ko‘rinishidagi yangi turlari paydo bo‘ldi. Ular A.Navoiy nomidagi opera va balet teatri binosi, “Toshkent” mehmonxonasi, “San’at saroyi” atrofida o‘rnatilgan edi. Bugungi kunda ham ularni ko’rish mumkin. Mustaqillik maydoni, A.Navoiy nomidagi teatr va Navoiy ko‘chasi bo‘ylab cho‘yan quyilma bilan bezatilgan ustunlarga o‘sha davr uchun juda kuchli ko‘zgu qaytargichli yong‘indan himoyalangan simobli yoritgichlar (SZPRO) o‘rnatilgan edi.  Ammo ishlatishdagi noqulaylik tufayli ular tez orada almashtirildi. O‘sha paytda juda qimmat bo‘lgan simobli lampalar soni ortib bordi. Agar 1962-yilda atigi 356 dona bo‘lgan bo‘lsa, 1968-yilning o‘zida 3150 dona, bu shahar yoritish nuqtalarining umumiy sonida 9% ni tashkil etdi.     «Shahar yoritish» idorasi uchun 60-yillarning oxirida obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlarda kabi nihoyatda qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi. 1966-yil aprel zilzilasidan biroz vaqt o‘tdi. Shahar tiklanib bordi, o‘z chegaralarini kengaytirdi. 1967-1968 yillarda 220 ming kvadrat metr uy-joy qurildi, yangi mikrorayonlar va massivlari paydo bo‘ldi – Chilonzor, Visokovoltniy (hozirgi Yalang‘och), Qoraqamish, Qo‘yliq, Yunusobod, Sergeli yo‘ldosh shaharchasi. Ushbu yangi hududlarda ko‘chalarni yoritish, uni markazlashtirilgan boshqaruv tizimiga kiritish kerak edi.   Nafaqat tasarruf etish ishlari, joriy va kapital ta’mirlash va yangi tarmoqlarni qurish bilan shug’ullanish kerak edi. Bir vaqtda ustun va yoritgichlarni rekonstruktsiya qilish, ularni texnik modernizatsiya qilish va tashqi ko‘rinishining estetikasi haqida o‘ylash kerak edi. Shunda ular nafaqat yoritish moslamalari, balki shahar me’moriy ansamblining elementlari ham bo‘lar edi. Bundan tashqari, shahar nafaqat o‘sdi, balki yaxshilanib bordi. Chiroyli ko‘p qavatli binolar bunyod etildi, yangi me’moriy ansambllar yaratildi. Yoritish moslamalarining texnik yangiliklarini doimiy ravishda izlash davom etar edi.